tel +99894 614 07 79
(0595) 603-15-88

mail 24maktab@list.ru


- E'lonlarni bepul kiriting!
Manzili: http://unimarket.uz

 

Elektron qo'llanmalar » Navro'z bayram ssenariysi

2019-03-15 283 marta o'qildi
Navro'z bayram ssenariysi

navro'z bayrami haqida

21 mart  - “Navro‘z- umumxalq  bayrami”

Assalom , Navro‘z!

 ( mavzusidagi  tadbir  senariysi  )

    

Tadbir o‘tkaziladigan joy nihoyatda go‘zal, bayramona tarzda bezatilgan. Bir so‘z bilan aytganda - bahor nafasi, Navro‘z nashidasi aks etgan dargohga aylangan. Xonandalarning xonishi, qushlarning chug‘ur-chug‘uri, tadbir qatnashchilarining yuzidagi tabassumi, xush kayfiyat barcha-barchani shodiyona ayyomga chorlab turibdi. Qo‘shiq asta-sekin pastlab, sahnada jarchilar paydo bo‘lishadi. Ular jo‘rlikda ikki tomonga peshvoz borib:

     

     - Bor ho, kel ho,

 

         Hamalam ha,

 

         Yo‘l qayda?

 

         Tezda chopib kel,

 

         Yo‘lni topib kel.

 

         O‘ynagani kel,

 

         Quvnagani kel, -

 

deya go‘yo Navro‘zni olqishlashadi:

 

           -Odamlaru odamlar,

 

         Bog‘da bitgan bodomlar.

 

         Eshitmadim, demanglar,

 

         Eshitganlar, jilmanglar,

 

         Barcha yaxshi odamlar,

 

         Bayramga tez kelingla-ar.

 

         He-he-he-hey-y!

 

Davraga bayramona - shohona, bahoriy liboslari bilan Navro‘zoy yuzlarida tabassum balqib chiqib keladi:

 

.            Oppoq o‘rik gullarim bilan,

 

             Quvnoq qo‘shiq, kuylarim bilan

 

             Mehmon bo‘lib keldim, odamlar,

 

          Armug‘onim sizga, bolalar.

 

         Men Navro‘zoy - go‘zal bahorman,

 

         Sizga sevinch bilan boqarman.

 

 U shunday deya ko‘ylaklarini hilpiratib, yurib emas, uchib o‘tayotgandek davrani boshlovchilarga beradi. An’anaviy  ravishda sahnaga juda go‘zal kiyingan ikki boshlovchi  bayramona kayfiyatda chiqib kelishadi.

 

 1-boshlovchi:

 

       Tabiatda  bugun o‘tli uyg‘onish,

 

      Nur bilan  kiradi  dilga  orzular.

 

      Yuraklar  shodlikdan  etadi  xonish, 

 

      Labdan  labga  ko‘char  mayin  kulgular.

 

  2-boshlovchi:

 

      Quyosh  kirib  kelar  har  xonadonga,

 

       Barobar  ulashar  yog‘dusin  bugun.

 

       Quyosh  tabassumi  etar  jahonga,

 

       Ushalar  dildagi  orzular  bugun.

 

 1-boshlovchi: Assalomu alaykum, qadrli ustozlar, muhtaram mehmonlar, aziz  o‘quvchilar! Mana o‘lkamizga fasllar kelinchagi bo‘lmish Navro‘z ayyomi, bahor bayrami kirib keldi. Soylarda buloq suvlari jildiraydi. Kurtak yozayotgan, daraxtlarning shoxlarida sayroqi qushlar biri-biriga navbat bermay chug‘urlashadi. Tog‘ etaklari, cho‘pon yaylovlari, bog‘bonning bog‘i yashil maysalardan libos kiymoqda.

 

 2-boshlovchi: Ha, kelinchaklar  sumbul sochlariga chuchmomalardan chambarak izlaydi. Doshqozonlar osilgan, odamlar g‘uj-g‘uj.  Ona allasi singari mayin yallalar quloqqa chalinadi. Qisqasi, hamma narsa o‘zgacha tarovatda. Chunki, Navro‘z o‘lkamiz bo‘ylab kezmoqda. Navro‘z ayyomingiz muborak bo‘lsin!

 

 1-boshlovchi: Bahor bilan ayolni egizak, deyishadi. Shu bois onalar haqidagi, zaminimiz ayollari haqidagi chiqishlarimiz ham dasturimizdan o‘rin olgan.

 

  2-boshlovchi: Ko‘klam nafasi ufurib turgan davramizga xush kelibsiz, muhtaram  tomoshabinlar, qadamlaringizga  hasanot!

 

1-boshlovchi:

     Dimoqqa yalpizlar nafasi urar,

          Yurakda  muattar  chechaklar  kular,

          Bir suluv  kelinchak  salomga kelar,

          Ostonaga  bosh ur, aziz mehmonim,

          Navro‘zing muborak, O‘zbekistonim!

 

Tadbirga taklif etilgan yuqori sinf o‘quvchi qizlari kelin va yangalar kiyimida chiqib, «Salom» boshlashadi. Yangalar har «Salom» deganda «kelin» engashib, salom soladi.

 

  1-yanga:

 

              -Osmondagi oydayin,

 

            Yoyilib oqqan soydayin,

 

            Davramizga fayz bergan

 

            Onaxonlarga salom.

 

  2-yanga:

 

           -Yuzlarimiz gul qilgan,

 

            Savodimiz mo‘l qilgan,

 

            Ta’lim-tarbiya bergan,

 

            Ustozlarga ming salom.

 

  1-yanga:

 

            Atlas ko‘ylak kiyganlar,

 

            Yugurib xizmat qilganlar,

 

            Chaqqonlikdan «dars» bergan

 

            Quvnoq qizlarga salom.

 

    2-yanga:

                 -Bayram, deb yig‘ilganlar,

 

            She’r-qo‘shiq ilinganlar,

 

            Tadbirga navo bergan

 

            San’atkorlarga salom.

 

     1-yanga:

                -Qora ko‘zi munchoqday,

 

            Darsga zehni - quchoqday.

 

            Maktabga Navro‘z kelgan –

 

            Barchangizga ming salom..

         O‘quvchi qizlar «Bahor valsi»ni ijro etadilar. So‘ng o‘quvchi bolalar bahor, Navro‘z, ayol, ona haqida she’rlar o‘qishadi, monologlar aytishadi, allomalar fikrlaridan bayon qilishadi.

 

 1-o‘quvchi: Mana, bugun diyorimizda uyg‘onish fasli - Yangi yilning muqaddimasi - Navro‘zi olam! Navro‘z asrlar davomida xalqimiz uchun, biz uchun ezgulik, go‘zallik, yorug‘ orzu- umidlarning kurtak otgan payti bo‘lib kelgan va doimo shunday bo‘lib qolajak!

         Navro‘z, bu-shodlik, tinchlik, hamkorlik, mustaqillikning qaldirg‘ochi, bahorning elchisidir. Bu-ulug‘lanish, insonni e’zozlash hamda insonning umriga umr qo‘shish, bir yilga  yashartirish demakdir.

 

 2-o‘quvchi: Navro‘z bizlar kimlarning avlodi ekanimizni, qanday ulug‘ va buyuk meros vorislari ekanimizni jumlai jahonga yaqqol  namoyon qiladigan  ma’naviy  bir  ko‘zgudir.

 

           Turnalar yurtiga  qaytgani kabi,

 

           Bag‘ringga  qaytmoqda  alyor-baytlaring.

 

           Moziydan xayolchan  ko‘rinish  berar

 

           Ming  shukur, tabarruk, ulug‘  zotlaring!

 

           Buyuk  daholarni  bergan  bo‘stonim,

 

           Yangi yiling  qutlug‘ , O‘zbekistonim!

 

  3-o‘quvchi: Bugungi tarovatli tadbirimizda onalarimiz,ayollarimiz haqida harqancha gapirsak, alqasak, she’rlar aytsak, qo‘shiq kuylasak, shuncha yarashadi. Qomusiy allomalarga beshik bo‘lgan yurtimiz jahonga ko‘plab daholarni, ulkan san’atkorlarni bergan.

        Jahon madaniyati va ma’naviyati xazinasiga Al-Xorazmiy, Beruniy, ibn Sino, Umar Hayyom, Amir Temur, Mahmud Qoshg‘ariy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy, Bobur kabi yuzlab allomalarni dunyoga keltirib, voyaga yetkazib bergan ham Sharq ayollari – bizning momolarimizdir!

               Xalqim  yetti  iqlim poyini  o‘par

          

               Ulug‘bek, Navoiy, Sinolaringning

 

               Zurriyoding  nihoyat  hijjalab  o‘qir

 

               Dunyoga  bergusiz  dunyolaringni.

 

              Koshonang  tabarruk  nurlarga  to‘lsin,

 

              Navro‘z  ayyoming  muborak  bo‘lsin.

       

 4-o‘quvchi: Bizning mustaqilligimiz mustahkamlanib borishi To‘marisdek shavkatli momolarimizning, Saroymulkxonimdek oqila ayollarning, Nodirabegim, Uvaysiy, Nozimaxonim, Anbar Otin, Dilshod otin  yanglig‘  onaxonlarimizning borligidan g‘ururlanamiz. Chunki axloqiy poklik, kamtarlik,ozodalik, chaqqonlik, mehmondo‘stlik, vafodorlik, sobitlik  fazilatlari bizning   onajonlarimizga ayollarimizga xos bo‘lgan xislatlardir.

 

                                                                                                                                                                                                          

     5-o‘quvchi:

 

               Qo‘shiq uchayotir...

 

              Nodira baytidan yaralgan   ohang,

 

              Ming bor tinglab, shu on bergan  edim tan...

 

Nodira g‘azali bilan aytiladigan qo‘shiq ijro etiladi.

 

1-boshlovchi: Chakkasiga gul taqib, daraxtlarga dur taqib, kirib keldiNavro‘zim, kulib  keldi Navro‘zim. Har go‘shada Navro‘z taomlari - halim, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, sumalaklar pishirilmoqda.  Bu - yillar osha, asrlar osha har yili takrorlanadigan boqiy an’analarimiz - qadriyatlarimizdir.

 

            Doshqozonda sumalak,

 

            Boychechaklar xush darak.

 

            Bolalar yayrashadi,

 

            Qo‘shiqlar yangrashadi.

 

            Bobolar halim solar,

 

            Latifa aytib tolar.

 

            Ichakuzdi hazillar,

 

            Qiziydi sho‘x bazmlar.

 

 2-boshlovchi: Biroq bu qadriyatlarimizga, bazmlarimizga, jumladan, Navro‘zimizga qanchadan- qancha malomat toshlari otilmadi,  deysiz. Shunga qaramay, ulug‘ ayyomimiz xalqlarimiz qalbida, hayot sahnasining to‘rida yashayveradi, uni hech qanday yovuz kuch tortib ololmaydi. Chunki Navro‘z – xalqimizning asl milliy bayramidir. Hazrat Navoiydek alloma shoirimiz qalamlaridan to‘kilgan mana bu misralar barchangizga yor bo‘lsin:

 

   Zamin yangi ko‘ylak kiyar, kelsa

 

                                         Navro‘z, bo‘lsa Navro‘z,

 

              Har tuning qadr o‘lubon, har kuning

 

                                                       o‘lsin Navro‘z!

 

 

    Davraga buyuk «allomalarimiz va shoiralarimiz qiyofasi»dagi  o‘quvchilar  kirib kelishadi.

 

       

 

 Amir Temur:

 

          -Bizkim, mulki Turon, amiri  Turkistonmiz,

 

                 Bizkim, millatlarning eng ulug‘i va

 

                                     buyugi, turkning bosh  bo‘g‘inimiz.

 

   Alisher Navoiy:

 

             -Men olmasmen, to turki bedor  erur,

 

               Bu til birla turk nazmi bunyod erur.

   Bobur:

 

         -Charxning men ko‘rmagan jabr  jafosi qoldimu?

 

               Xasta ko‘nglum chekmagan dardu    balosi qoldimu? /

 

   Uvaysiy:

 

           -Mehnatu alamlarga mubtalo   Uvaysiyman,

 

             Qayda dard eli bo‘lsa, oshno  Uvaysiyman.

  Nodira:

 

         -Ey, Nodira, dahrni imtihon etib ket,

 

          Kel, bu chamanni gulzor etib ket.

 

«Allomalar» mashhur satrlari bilan  o‘zlarini tanishtirgach, sohibqiron  «bobomiz» so‘z boshlaydilar:

       Aziz bolajonlarim, mening suyukli nabiralarim! Navro‘z ayyomi  bahona siz bizlarni yod etdingiz, ko‘nglimizni shod etdingiz. O‘zbekiston diyorida mustaqillik erkinlari esa boshlagan kundan e’tiboran har bir tadbiringizda, har bir majlisu yig‘inlaringizda meni, yonimdagi nabira- abiralarimni, ko‘plab ahli donishlarni yaxshi so‘zlar bilan eslab, yaxshi amallar bilan yo‘qlaysizlar. Biz – o‘tib ketgan ajdodlaringiz Yo‘lboshchingiz sa’y- rahnamoligida barchangizni doimo duo qilurmiz!

 

Hammalari ta’zim ila  borib tomoshabinlar qatoridan joy oladilar.

 

Olti nafar o‘quvchi qizchalar ijrosida «Yomg‘ir yog‘aloq» qo‘shig‘i  raqsi  bilan  ijro  etiladi.

 

1-boshlovchi:        Aziz  do‘stlar, Navro‘z saylidagi azal-azaldan  bobolarimiz, momolarimiz  ardoqlagan  udumlarni  siz  ham  bilsangiz  kerak.

         Bular  lapar,  aytishuv  va  turli  so‘z  o‘yinlaridir.  Bugun o‘sha “so‘z o‘yini”ni e’tiboringizga havola etamiz.  O‘yin  sharti quyidagicha: ishtirokchilar gullar va qushlar, o‘simliklar nomini  so‘zning oxirgi tovushiga  qarab davom  ettirishlari kerak.

   Boychechak, kaptar,  ravoch, chittak,  kakku,— deya  bolalar  so‘z   o‘yinida ishtirok  etadilar. 

              

       Navro‘z   qo‘shig‘i

     

     Boychechak   chiqibdi , bugun  Navro‘z  ekan!

     Hamma  bir-biriga  jigarso‘z  ekan.

Olam  ham  barobar  kecha-kunduz  ekan,

Boychechak  chiqibdi, bugun  Navro‘z  ekan!

 

Yangi  yilingiz  muborak  bo‘lsin, hoy  bobo!

Yangi  yilingiz  muborak  bo‘lsin, hoy  momo!

Yangi  yilingiz  muborak  bo‘lsin ,hoy  Ona!

Boychechak  chiqibdi,  bugun  Navro‘z  ekan!

 

Hoy, bog‘bon  bobo, niholga  bersin  Baraka!

Hoy,  dehqon  bobo, dalangga  bersin  Baraka!

Hoy,  cho‘pon  bobo, qo‘rangga  bersin  Baraka!

Boychechak  chiqibdi , bugun  Navro‘z  ekan!

 

               

 2-boshlovchi:   Navro‘z  xalqimiz  uchun  poklanish, uyg‘onish, yangilanish  va ma’naviy  kamol topish  bayrami bo‘lib qolmoqda. Qadimiy Navro‘z  o‘zining buyuk  mohiyatini  saqlab, mustaqillik  g‘oyasi  bilan boyib, ahillik, totuvlik, xalqlarning birdamligi va do‘stligi  bayramiga ham aylandi.

 

1-boshlovchi:Har  bir xalqning  o‘z ma’naviyati, insoniy qadriyatlari, urf-odatlari, an’analari, buyuk me’rosi bor. Navro‘z- o‘zbek va  Sharq xalqlarining  ana shunday  ma’naviyat, qadriyatlar bayrami merosi bo‘lib, u insonni yuksak vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bunyodkorlik, do‘stlik, mehr-oqibat,ezgulik, adolat va tinchlik ruhida  tarbiyalaydi.

            

              Uf  tortib  uyqudan  uyg‘ondi tuproq,

              Xo‘rsinish  etildi  jonlar  tarhiga

               Shamolday  shikasta, barq  kabi  behroq

               Bir  kalom  uyg‘ondi  ko‘ngil  sharhiga,

               Navro‘zing  muborak, O‘zbekistonim!

                            

   2-boshlovchi:- Mana, barchamizning, kayfiyatimiz - xush, ko‘rganning ko‘zi quvnaydi. Ana shunday tabassum, nazokat, nafosat har damda hammamizga, hammangizga yor bo‘lsin!

 

1-boshlovchi: Navro‘zi olam muborak, aziz do‘stlar! Bayram tadbirlarimiz har go‘shada, har ko‘ngilda davom etaversin.

 

Sho‘x musiqa yangrab, bahoriy kayfiyat  ila barcha raqsga tushadi

 

 

- - -

< Orqaga qaytish

- TAS-IX Reytingi:
24-maktab.uz
Sayt uchun mas'ul:
- Sherzod Bobonazarov
 

- Bizning kontakt manzilimiz:
Navoiy viloyati, Xatirchi tumani
A.Po'latov f.u, U.Boirov MFY. Indeks: 211017